Yangiliklar/Jamiyat

Xususiy klinikalarga davlat hisobidan bemorlarni davolashga ruxsat berildi

Jamiyat 6 may, 18:43
Xususiy klinikalarga davlat hisobidan bemorlarni davolashga ruxsat berildi

Oʻzbekistonda 1-iyuldan boshlab xususiy tibbiyot muassasalari davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi doirasida byudjetdan moliyalashtirish imkoniyatiga ega boʻladi. Tegishli norma prezidentning 5-maydagi sogʻliqni saqlashda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qarorida mustahkamlangan.

Hujjatga koʻra, xususiy klinikalar oʻz litsenziyalarida nazarda tutilgan barcha yoʻnalishlar boʻyicha davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy xizmat koʻrsatishi mumkin boʻladi. Bunda davolanish uchun toʻlov davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun bir xil boʻlgan yagona bazaviy tariflar boʻyicha amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, bemorlarni Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan belgilangan chegaralar doirasida ixtisoslashtirilgan ambulatoriya yordami va jarrohlik operatsiyalariga yoʻnaltirish mexanizmi joriy etilmoqda.

Farmonning alohida bloki hududlarda xususiy tibbiyotni rivojlantirishga bagʻishlangan. Buning uchun Milliy bank tomonidan 200 million dollar miqdorida imtiyozli kredit liniyasi ochiladi. Mablagʻlar viloyat markazlari va Nukus shahridan tashqarida zamonaviy tibbiyot markazlarini qurish va jihozlashga yoʻnaltiriladi.

Dastur doirasida bitta loyiha 3 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda 10 yilgacha muddatga 10 million dollar ekvivalentigacha olishi mumkin. Foiz stavkasi Markaziy bankning bazaviy stavkasidan atigi 3 foizga yuqori boʻladi.

Bundan tashqari, foiz harajatlari uchun kompensatsiya shaklida qoʻshimcha yordam koʻrsatiladi: tadbirkorlarga “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish” kompaniyasi mablagʻlari hisobidan kreditlar boʻyicha bazaviy stavkaning 50 foizigacha qaytarib beriladi. Kompensatsiya miqdori loyihaning toʻlov muddatiga bogʻliq boʻladi.

Qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalangan klinikalar uch yil ichida milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishi shart bo‘ladi. Klinikalar joylashuvi va ixtisoslashuvi esa Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hududlar ehtiyojidan kelib chiqib belgilanadi.

5120

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→