Yangiliklar/Texnologiya

DXX Toshkent viloyatida Telegram orqali zararli dasturlar savdosini to‘xtatdi

Texnologiya 29 aprel, 17:35
DXX Toshkent viloyatida Telegram orqali zararli dasturlar savdosini to‘xtatdi

Toshkent viloyatida Telegram messenjeri orqali zararli dasturlar tarqatish bilan shug‘ullangan 21 yoshli Chirchiq shahri fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tezkor tadbirlar davomida aniqlanishicha, gumonlanuvchi Android qurilmalari uchun mo‘ljallangan zararli APK‑dasturlarni mustaqil ravishda yaratgan va ularni Telegram orqali kamida o‘n nafar foydalanuvchiga 100 mingdan 300 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotgan.

Shuningdek, u xaridorlarga texnik ko‘mak ko‘rsatib, dasturlardan foydalanish jarayonida yuzaga keladigan savollar bo‘yicha maslahatlar bergan. Mazkur dasturlar yordamida boshqa shaxslarning Telegram akkauntlariga ruxsatsiz kirish, SMS‑xabarlarni o‘qish hamda to‘lov tizimlaridan pul mablag‘larini o‘g‘irlash imkoniyati mavjud bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchi Telegram’dagi beshdan ortiq guruh va kanallarga administratorlik qilgan bo‘lib, u yerda zararli dasturlarning funksional imkoniyatlari haqida muntazam ravishda reklama postlarini joylashtirib kelgan.

Tintuv davomida undan noutbuk, mobil telefon, tashqi qattiq disk hamda ikki dona bank plastik kartasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.

2200

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→