Yangiliklar/Iqtisod

Uzcard avtomatik yechimlarda minimal qoldiq joriy etdi

Iqtisod 23 aprel, 17:44
Uzcard avtomatik yechimlarda minimal qoldiq joriy etdi

Uzcard to‘lov tizimi bank kartalaridan mablag‘larni avtomatik yechib olish tartibiga o‘zgartishlar kiritdi. Gap mijoz tasdiqisiz amalga oshiriladigan, ya’ni akseptsiz avtomatik yechimlar haqida ketmoqda. Bu haqda Milliy to‘lov tizimi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangilangan qoidalarga ko‘ra, bunday operatsiyalar vaqtida kartada minimal kamaytirilmaydigan qoldiq saqlanadi. Endilikda avtomatik yechib olish natijasida karta balansi to‘liq yechib olinmaydi. Hisobda kamida 3 bazaviy hisoblash miqdori (BHM) miqdorida mablag‘ qolishi shart.

Uzcard’ning bildirishicha, yechimlar faqat belgilangan minimal summadan oshgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi. Bu esa kredit yoki bo‘lib to‘lash to‘lovlari sabab kartadagi mablag‘lar to‘liq yo‘qolib ketishining oldini oladi.

Aseptsiz avtomatik yechib olishlar, odatda, banklar tomonidan mijozlarning kredit, bo‘lib to‘lash yoki boshqa moliyaviy majburiyatlari bo‘yicha qarzdorliklarini qaytarish uchun qo‘llaniladi. Yangi tartib kartadan foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qilish va bunday operatsiyalarni yanada shaffof qilishga qaratilgan.

Shu bilan birga, yangi qoidalar bankka karta rekvizitlarini mijozning o‘zi taqdim etgan va ularni bir martalik parol (OTP) orqali tasdiqlagan holatlarga tatbiq etilmaydi. Bunday vaziyatlarda alohida shartlar amal qiladi.

To‘lov tizimida ta’kidlanishicha, zarur texnik yangilanishlar allaqachon joriy etilgan. Ushbu o‘zgarishlar Uzcard tizimiga ulangan banklar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

1,2900

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→