Yangiliklar/Texnologiya

O‘zbekistonda mobil raqamlarni onlayn tarzda qayta rasmiylashtirishga ruxsat berildi

Texnologiya 21 aprel, 13:48
O‘zbekistonda mobil raqamlarni onlayn tarzda qayta rasmiylashtirishga ruxsat berildi

O‘zbekistonda mobil telefon raqamini boshqa shaxs nomiga masofadan turib rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. Yangi xizmat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ishga tushirildi va SIM‑karta egasini to‘liq onlayn almashtirish imkonini beradi.

Ushbu xizmat ishga tushirilgani haqida Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi. Ariza topshirish uchun foydalanuvchi my.gov.uz portalida avtorizatsiyadan o‘tib, “Telefon raqamini qayta rasmiylashtirish” xizmatini tanlashi kifoya.

Ariza topshiruvchi raqam qaysi shaxs nomiga rasmiylashtirilishini ko‘rsatadi, shundan so‘ng tizim avtomatik tarzda so‘rovni qabul qiluvchiga yuboradi. Yangi abonent shaxsiy kabinetida bildirishnoma oladi va so‘rovni tasdiqlashi yoki rad etishi mumkin. Qaror qabul qilingach, ariza natijasi bo‘yicha ariza beruvchiga xabar yuboriladi.

Agar qabul qiluvchi so‘rovni tasdiqlasa, ariza mobil aloqa operatoriga yuboriladi. Operator arizani belgilangan tartibda ko‘rib chiqib, xizmat uchun to‘lov miqdori haqida foydalanuvchini xabardor qiladi. To‘lov summasi mobil operatorlar tomonidan tasdiqlangan tariflarga asoslanadi.

Xizmat ko‘rsatish muddati bir kundan besh ish kunigacha etib belgilangan. Eng muhimi, jarayon davomida foydalanuvchilardan hech qanday qog‘oz hujjatlar talab etilmaydi.

Avvalroq mobil raqam egasini o‘zgartirish uchun har ikki tomon — topshiruvchi va qabul qiluvchi — mobil aloqa operatori filialiga shaxsan borishi kerak edi. Yangi tizim esa ushbu jarayonni ancha soddalashtirib, vaqt va resurslarni tejash imkonini bermoqda.

Mazkur yangilik moliyaviy va raqamli xizmatlar xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha joriy etilgan talablarga hamohang hisoblanadi. Joriy yil boshidan boshlab foydalanuvchilar akkauntlariga faqat o‘zlariga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli karta va hisoblarni biriktirishlari mumkin. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tishda telefon raqamining JSHSHIR bilan mosligi tekshiriladi. Moslik aniqlanmasa, ayrim servislar faoliyati cheklanishi mumkin.

Keyinchalik Markaziy bank ushbu talablar asosan yangi foydalanuvchilarga nisbatan qo‘llanilishini tushuntirib bergan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, raqamlarni onlayn qayta rasmiylashtirish xizmati SIM‑kartani sotish, biznes egaligini o‘zgartirish yoki oila a’zolari o‘rtasida raqamni topshirish kabi holatlarda ayniqsa qulay bo‘ladi.

9940

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→