Yangiliklar/Siyosat

Prezident giyohvand moddalar savdosiga qarshi moliyaviy mexanizmlar orqali kurashishga chaqirdi

Siyosat 20 aprel, 17:29
Prezident giyohvand moddalar savdosiga qarshi moliyaviy mexanizmlar orqali kurashishga chaqirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashga bag‘ishlangan xalqaro forum ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Unda u narkobiznesga qarshi kurash faqat kuch ishlatar tuzilmalar bilan emas, balki jinoyat tarmoqlarini moliyaviy manbalardan mahrum etish orqali samarali bo‘lishini ta’kidladi.

Davlat rahbarining qayd etishicha, bugungi kunda narkotik moddalar savdosi tobora ko‘proq transchegaraviy va raqamli tus olmoqda. Shifrlangan aloqa kanallari, onlayn platformalar va murakkab moliyaviy sxemalardan foydalanish huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini murakkablashtirmoqda va xalqaro miqyosda yangi yondashuvlarni talab qilmoqda.

Prezident, ayniqsa, sintetik narkotiklar va psixoaktiv moddalar keng tarqalayotganidan xavotir bildirdi. Uning aytishicha, bunday moddalar yoshlar orasida tobora ko‘proq uchramoqda va bu muammo alohida davlatlar doirasidan chiqib, butun insoniyat uchun umumiy tahdidga aylangan.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda narkomaniya va narkojinoyatchilikka qarshi kurash ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini eslatdi. Mamlakatda milliy strategiya amalga oshirilmoqda, profilaktik dasturlar kengaytirilgan, yoshlarni qamrab olgan tashabbuslar, jumladan, ko‘ngillilar harakati va raqamli texnologiyalarga asoslangan loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, prezident bir qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Ular qatorida turli davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida tezkor axborot almashinuvi uchun yagona raqamli platforma yaratish, narkobiznes bilan bog‘liq moliyaviy oqimlarni qat’iy nazoratga olish hamda raqamli aktivlar orqali pul yuvishga qarshi umumiy standartlarni ishlab chiqish takliflari bor.

Davlat rahbari narkotiklar ishlab chiqarilishi davom etayotgan ayrim hududlarda iqtisodiy muammolar asosiy omillardan biri ekaniga ham e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, kambag‘allik, ish o‘rinlari yetishmasligi va investitsiya tanqisligi soyadagi iqtisodiyot rivojiga zamin yaratmoqda. Shu bois u yuqori xavf darajasiga ega hududlarni qo‘llab‑quvvatlashga qaratilgan maxsus rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishni taklif etdi.

Prezidentning fikricha, narkotahdidlarga qarshi barqaror natijalarga faqat davlatlar va xalqaro tashkilotlarning mas’uliyatli va uzoq muddatli hamkorligi orqali erishish mumkin.

4150

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→