Prezident qurilish va urbanizatsiya sohasida keng koʻlamli islohotlarni e’lon qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasini rivojlantirish yakunlari hamda ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan keng ko‘lamli videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mamlakatning barcha hududlaridan qurilish bozorining 500 dan ortiq vakili — developerlar, pudratchilar, loyihachilar, arxitektorlar va urbanistlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishni ochib berar ekan, davlatimiz rahbari qurilish sohasi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan qurilish orqali sanoat, xizmatlar sohasi, logistika va bandlikda ko‘paytma (multiplikativ) ta’sir ishga tushadi.
Qurilish sohasi — o‘sish omili
So‘nggi to‘qqiz yilda O‘zbekistonda qariyb 10 mingta yangi qurilish kompaniyasi tashkil etildi. Sohada yirik ishtirokchilar shakllandi: yillik aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshadigan 20 ta kompaniya, 100 milliard so‘mdan ortiq aylanmaga ega 365 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Loyihalash sohasi ham sezilarli rivojlandi — loyiha tashkilotlari soni 2 mingdan oshdi, ularning 650 tasi xalqaro sertifikatga ega.
Normativ-huquqiy bazani isloh qilish hisobiga ruxsat berish tartiblari deyarli uch barobar, ularni olish muddati esa to‘rt barobar qisqardi. Tarqoq va eskirgan normalar o‘rniga 140 ta yangi integratsiyalashgan shaharsozlik qoidalari tasdiqlandi.
Buning natijasida qurilish hajmi o‘n barobardan ziyod oshdi: 2016-yilda 30 trillion so‘m bo‘lgan ko‘rsatkich o‘tgan yil yakuniga ko‘ra 314 trillion so‘mga yetdi. Shu davrda 210 million kvadrat metr bino va inshootlar foydalanishga topshirildi, 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Bugungi kunda qurilish va unga yondosh sohalarda 3,5 million kishi mehnat qilmoqda.
Tizimli muammolar va “tor joylar”
Erishilgan natijalarga qaramay, Prezident tizimli muammolar saqlanib qolayotganini keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, yer va moliyalashtirish masalalari hal etilgani qurilishning darhol boshlanishini kafolatlamaydi. Byurokratiya, sansalorlik va korrupsiya xavflari loyihalarni oylar va yillarga cho‘zmoqda, bu orada tadbirkorlar foydalanilmayotgan yer uchun soliq, kreditlar bo‘yicha esa foiz to‘lamoqda.
2024-yilda qurilish bilan bog‘liq 2,6 million arizaning uchdan bir qismi rad etilgan. Rasmiy sabab sifatida “hujjatlardagi kamchiliklar” keltirilgan bo‘lsa-da, Prezident buni ochiqchasiga korrupsiya ko‘rinishi deb atadi va yagona yechim sifatida to‘liq raqamlashtirish hamda sun’iy intellektni joriy etishni ko‘rsatdi.
Urbanizatsiya — davlat siyosati sifatida
Yig‘ilishda shaharlarni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakat aholisi 38 milliondan oshdi, urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetdi, shaharlarda qariyb 20 million kishi yashamoqda. Prezidentning ta’kidlashicha, urbanizatsiya darajasining har bir foizga oshishi iqtisodiyotga kamida 1 foizlik o‘sish olib keladi.
Shu bilan birga, shahar hududlarini samarali rivojlantirish ko‘pincha bosh rejalarning yo‘qligi yoki eskirganligi sababli sekinlashmoqda. Har yili 200–250 milliard so‘m budjet mablag‘i ajratilayotganiga qaramay, ko‘plab shahar va shaharchalarda dolzarb shaharsozlik hujjatlari mavjud emas. Bu holat, ayniqsa, kichik shaharlarda xususiy investitsiyalarni to‘sib qo‘ymoqda.
Joriy yilda hududlarga 6 ta shahar va 44 ta shaharcha bo‘yicha bosh rejalarni, shuningdek, 104 ta qishloq aholi punktlari uchun master-rejalarni yakunlash topshirildi. Shuningdek, biznes bilan hamkorlikda yana 50 ta hudud bo‘yicha loyihalar ishga tushiriladi.
Yer, xususiylashtirish va hokimlar mas’uliyati
Prezidentning qayd etishicha, bosh rejalarning yo‘qligi sababli 2025-yilda yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarning 14 foizi rad etilgan. Bu 4 ming gektar yerning investitsion salohiyati ishga tushmasligi va budjetga 550 milliard so‘m tushum yo‘qotilishiga olib kelgan. Shu bois, arizalarni mansabdor shaxslar ishtirokisiz, 5–10 daqiqa ichida onlayn ko‘rib chiqish tizimiga o‘tiladi.
Shuningdek, xususiylashtirish dasturlarining ijrosi ham tanqid qilindi. So‘nggi yillarda auksion orqali sotilgan 3 ming gektar yerda qurilish ishlari hali boshlanmagan. Endilikda hokimlar davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birga obyektlarni dasturlarga kiritish, sotish va investitsiya samaradorligi uchun teng javobgar bo‘ladi.
Tartib-taomillarni soddalashtirish va raqamlashtirish
1-iyuldan boshlab respublika bo‘yicha loyihalashga ruxsat va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini bir vaqtda ko‘rib chiqish mexanizmi joriy etiladi. Shuningdek, barcha kommunal tarmoqlarga ulanish bo‘yicha “yagona oyna” tamoyili joriy etilib, bitta ariza va bitta to‘lov yetarli bo‘ladi.
Shaharsozlik kengashlariga viloyat va shahar hokimlari shaxsan rahbarlik qiladi. Bu idoralararo kelishuvlarni tezlashtirish va shaxsiy mas’uliyatni oshirishi kutilmoqda. Bundan tashqari, “Shaffof qurilish” reytingi qayta ko‘rib chiqilib, lizing asosida olingan texnikalar ham baholash tizimiga kiritiladi.
Uy-joy qurilishi va renovatsiya
Yil yakuniga qadar hududlarda 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilishi lozim, shundan kamida 30 ming kvartira renovatsiya dasturlari doirasida quriladi. Prezident shaharlarning haddan tashqari kengayishi infratuzilma xarajatlarini keskin oshirishini va qishloq xo‘jaligi yerlarining qisqarishiga olib kelishini ta’kidladi.
“Yangi O‘zbekiston” massivlarida joriy yilda 34 mingta xonadon qurib bitkazilishi kerak. Bunday massivlarni kengaytirishga faqat kvartiralarning kamida 85 foizi egalarga topshirilgandan so‘ng ruxsat beriladi.
Kadrlar va kreativ iqtisodiyot
Arxitektura va urbanistika sohasida yangi rivojlanish nuqtalari yaratiladi. Toshkent shahrida arxitektorlar va loyihachilar uchun birinchi kreativ park tashkil etiladi. Shuningdek, urbanizatsiya, kadastr va geodeziya yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlaydigan, o‘zini o‘zi moliyalashtiruvchi oliy ta’lim muassasasi va texnikum ochilishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilish yakunida soha va hudud rahbarlarining hisobotlari, shuningdek qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning takliflari tinglandi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi

Taşkentda yana bir oila meros mojarosi sabab sotib olgan kvartirasidan ayrilişi mumkin
