Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentda Askiya bozori vaqtincha yopildi

Jamiyat 10 aprel, 14:13
Toshkentda Askiya bozori vaqtincha yopildi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan “Askiya” bozorining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Ushbu qaror tekshiruvlar yakunida yong‘in xavfsizligi talablari jiddiy buzilgani aniqlangani sababli qabul qilindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida poytaxtdagi bir qator savdo obyektlarida ham qoidabuzarliklar aniqlangan. Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Navro‘z” bozori, Midstroy servis obyektlari, Bektemir tumanidagi “Qo‘yliq” qurilish bozori, Tashkent Trade Center savdo majmuasi, “Abu Saxiy” bozori hamda Uchtepa tumanidagi “Farhod” dehqon bozorida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmagani qayd etildi.

Ayrim savdo nuqtalarining alohida hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha uzildi. Shuningdek, “Urikzor” savdo majmuasining to‘qqizta bloki ham elektr tarmog‘idan o‘chirildi.

“Askiya” bozorida esa elektr energiyasi to‘liq o‘chirilib, bu uning faoliyati vaqtincha to‘xtatilishiga olib keldi. FVV ma’lumotiga ko‘ra, mazkur obyekt belgilangan yong‘in xavfsizligi me’yorlariga javob bermaydi.

Aniqlangan barcha kamchiliklar bartaraf etilgach, savdo obyektlarida elektr ta’minoti qayta tiklanadi va ularning faoliyati belgilangan tartibda davom ettiriladi.

3140

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→