Senat shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunni ma’qulladi

O‘zbekiston Senati 14‑yalpi majlisida “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Hujjat shahar qurilishini bosqichma-bosqich yangilash, shahar muhitining sifatini oshirish hamda mulkdorlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Bu haqda parlament yuqori palatasining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qonunda jismonan eskirgan va seysmik jihatdan xavfli binolarni modernizatsiya qilish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash hamda xavfsizlik va yashash qulayligiga qo‘yiladigan yangi talablar asosida zamonaviy shahar makonlarini shakllantirish nazarda tutilgan.
Renovatsiya jarayonlarining shaffofligiga alohida e’tibor qaratilgan. Barcha renovatsiya dasturlari “Shaharsozlik renovatsiyasi” nomli ochiq elektron platformaga joylashtirilishi, shuningdek ommaviy axborot vositalari va vakolatli organlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinishi shart.
Hujjat mulk egalari uchun kompensatsiyaning to‘rt xil shaklini belgilaydi. Kompensatsiya yangi qurilishdan yoki boshqa hududdan turar yoki noturar obyekt berish, pul mablag‘lari to‘lash yoxud tomonlar kelishuvida nazarda tutilgan boshqa shaklda amalga oshirilishi mumkin. Kompensatsiya turi mulkdor va renovatsiya loyihasini amalga oshiruvchi direksiya o‘rtasidagi kelishuv asosida ixtiyoriy ravishda tanlanadi.
Shuningdek, ko‘chirish yoki vaqtinchalik cheklovlar bilan bog‘liq noqulayliklar uchun kompensatsiya summasining 12 foizi miqdorida bir martalik pul to‘lovi nazarda tutilmoqda.
Qonunda tenglik va ijtimoiy himoya tamoyillarining ustuvorligi alohida qayd etilgan. Ko‘chirish zarur bo‘lgan taqdirda fuqarolarga tayyor turar joylar berilishi, nogironligi bo‘lgan shaxslar esa ehtiyojlariga moslashtirilgan uy-joy bilan ta’minlanishi belgilangan. Davlat organlari bilan bog‘liq barcha nizolar va huquqiy noaniqliklar mulkdorlar foydasiga talqin etilishi kafolatlanadi.
Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil sentabr oyida qabul qilingan, biroq keyinchalik takomillashtirish uchun qaytarilgan edi. O‘zgartirishlar kiritilgach, hujjat Senat tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi

Taşkentda yana bir oila meros mojarosi sabab sotib olgan kvartirasidan ayrilişi mumkin
