Yangiliklar/Siyosat

Navoiy va Chirchiq aholisi daromad va xarajatlarini deklaratsiya qiladi

Siyosat 20 oktyabr, 14:21
Navoiy va Chirchiq aholisi daromad va xarajatlarini deklaratsiya qiladi

Hukumat jami yillik daromad va xarajatlarni deklaratsiya qilish bo‘yicha vaqtinchalik tartibni tasdiqladi. U Navoiy va Chirchiq shaharlarida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan 18 yoshdan katta fuqarolar hamda soliq organlari xodimlariga tatbiq etiladi.

Tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-oktabrdagi 574-son qarori bilan tajriba-sinov tariqasida joriy qilindi.

2026-yil uchun deklaratsiya 2027-yil 1-aprelgacha, 2027-yil uchun esa 2028-yil 1-aprelgacha topshiriladi. Hisobot Soliq qo‘mitasining elektron xizmatlar portali yoki Soliq mobil ilovasi orqali yuboriladi.

Soliq organlari deklaratsiya topshirish muddati tugashidan kamida bir oy oldin fuqaroga xabarnoma yuborishi kerak.

Deklaratsiyani quyidagilar topshirmaydi:

  • 18 yoshga to‘lmaganlar;
  • hisobot yilida soliq organlariga ishga qabul qilingan xodimlar;
  • soliq hisobiga qo‘yilganiga olti oy to‘lmagan fuqarolar.

Deklaratsiyada ish haqi, mol-mulkdan olingan daromad, moddiy naf va Soliq kodeksida ko‘rsatilgan boshqa daromadlar aks ettiriladi.

Xarajatlar qatoriga ko‘char va ko‘chmas mulk xaridi, soliqlar, kommunal to‘lovlar va kredit to‘lovlari kiradi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning tadbirkorlik bilan bog‘liq xarajatlari hisobga olinmaydi.

Ma’lumotlarning bir qismini tizim davlat idoralari bazalari, fiskal cheklar va elektron hisobvaraq-fakturalar asosida avtomatik shakllantiradi. Yetishmayotgan ma’lumotlarni Soliq ilovasida qo‘shish mumkin.

Xato aniqlansa, aniqlashtirilgan deklaratsiya topshiriladi. Unda ham noto‘g‘ri ma’lumot bo‘lsa, fuqaroning murojaati asosida hisobot bekor qilinib, uch yil ichida qayta topshirishga ruxsat beriladi.

3,5990

Telegramga obuna bo'ling

So'nggi yangiliklar bilan tanishing

→